TOVAR OMBORIDA OMONAT SAQLASH MUNOSABATLARINI FUQAROLIK-HUQUQIY JIHATDAN YANADA TAKOMILLASHTIRISH
Kalit so‘zlar:
omonat saqlash, majburiyat, huquq, shartnoma, fuqarolik huquqi, omonat saqlovchi, yuk topshiruvchi, tovar omboriAnnotatsiya
Zamonaviy davrda tovarlarni omonat saqlash munosabatlarining mazmuni, mohiyati
hamda iqtisodiy aloqalar tizimidagi o‘rni tubdan o‘zgardi, deb aytish mumkin. Asosan, shartnomadagi
tomonlarning huquq va majburiyatlari doirasining kengayib borishi bevosita raqobat, talab va taklif,
tashabbuskorlik hamda subyektlarga berilgan keng imkoniyatlar natijasidir. Shu bois ushbu maqolada
tovar omborida omonat saqlash munosabatlarini fuqarolik-huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish,
O‘zbekiston qonunchiligiga ushbu sohada mavjud muammolar va ularning yechimi uchun zarur bo‘lgan
normativ-huquqiy hujjatlar kiritilishi zarurati tahlil qilingan. Tadqiqotda tarixiy va tizimli yondashuv,
analiz va sintez, qiyosiy-huquqiy tahlil, normativ-huquqiy va amaliy tahlil, shuningdek, statistik
ma’lumotlarni umumlashtirish hamda mantiqiy xulosalar chiqarish kabi metodlardan foydalanildi.
O‘tkazilgan izlanish natijasida tovar omborlarida saqlanayotgan organik va organik-mineral o‘g‘itlar
uchun saqlash joylarida ularning o‘ziga xos xususiyatlari, gigiyena qoidalari, xavfsizlik choralari,
shuningdek, favqulodda vaziyatlarda amalga oshiriladigan tadbirlar rejasiga oid ma’lumotlar ko‘zga
ko‘rinadigan joylarga joylashtirilishi zarurligi aniqlandi. Ushbu takliflar O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 729-son qarori bilan tasdiqlangan “Organik va
organik-mineral o‘g‘itlar xavfsizligi to‘g‘risida umumiy texnik reglament”ning 43-, 44- va 45-bandlari
ishlab chiqilishida qo‘llandi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston sivilistikasida omonat saqlash shartnomasiga
oid umumiy masalalar Fuqarolik kodeksi sharhlari va o‘quv adabiyotlari doirasida yoritilgan. Biroq
O‘zbekiston milliy sivilistikasi fanida omonat saqlash shartnomasining mohiyati, uning iqtisodiy-huquqiy
vazifalari, maqsadlari, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi o‘rni hamda omonat saqlashning yangi
turlari kabi munosabatlarning huquqiy asoslarini kengroq tadqiq etishga ehtiyoj mavjud.

